UX/UI konversiyaga qanchalik ta'sir qilishiga 7 misol
Dizayn - bu faqatgina chiroyli ko'rinish emas, balki bevosita konversiyaga (maqsadli harakatni qancha mijoz amalga oshirganligini aniqlash mumkin bo'lgan ko'rsatkich) va kompaniyaning foydasini oshirishga ta'sir etuvchi biznes quroli. Gap faqatgina katta o'zgartirishlar haqida emas, hattoki eng kichiklari ham samaradorlikni sezilarli darajada oshishiga olib kelishi mumkin.

Hozirgi zamonda dizayn chiroyli ko'rinishdan konversiyani oshirish uchun kuchli vositaga aylandi. Ko'plab holatlarda, hatto kichik o'zgartirishlar ham ushbu ko'rsatkichni sezilarli darajada yaxshilashga olib kelgan. Bugun biz shulardan 7 ta judayam qiziqarli bo'lgan misollarni ko'rib chiqib ulardan qanday saboq olishimiz mumkinligini bilib olamiz.
1. Ro'yxatdan o'tish jarayoni
Bir necha yil avval britaniyalik moda kiyimlari sotuvchisi ASOS "savatchada" qoldirilgan mahsulotlar muammosi bilan yuzlashdi. Yechim? Ro'yxatdan o'tish jarayonini soddalashtirish. Avval yangi foydalanuvchilar xarid qilish uchun ro'yxatdan o'tishlari kerak edi. Yangilangan dizaynda ro'yxatdan o'tish haqida hech qanday habar yo'q. Buning o'rniga mijozlardan asosiy ma'lumotlarni (ism, email, parol) taqdim etishlari va "Davom etish" tugmasini bosishlari so'raldi.
Bunday soddalashtirilgan yondashuv auditoriya orasida shubhalarni bartaraf etishga va "savatchada" qoldirib ketilgan mahsulotlar muammosini 50% ga kamaytirishga yordam berdi.

ASOS voqeasi foydalanuvchi tajribasining muhimligini ta'kidlaydi. Ro'yxatdan o'tish va to'lov jarayonlarini soddalashtirish, sahifalarning yuklanish tezligini oshirish, navigatsiyani qulaylashtirish va xavfsizlikni ta'minlash - bu konversiya va mijozlar mamnun bo'lishiga ijobiy ta'sir ko'rsatadigan muhim omillardir.
Onlayn savdo sohasida muvaffaqiyatga erishish uchun sayt dizayni va funksionalligini doimiy ravishda takomillashtirish, tadqiqotlar o'tkazish va tahlillarni qo'llab, zaif tomonlarni aniqlash va ularni bartaraf etish zarur.
2. Mijozlarning izohlari
Izohlar kuchini tushunish uchun WikiJobga qarang, bu Britaniyaning eng katta bitiruvchilar uchun ish o'rinlari veb-sayti. Ular oddiy A/B testini o'tkazdilar, dastlabki versiyaga 3 ta izohni qo'shishdi va konversiya 34% ga oshdi.
Daniyalik kopirayter Maykl Aagaard split-test o'tkazdi. Uning saytida foydalanuvchilar bepul elektron kitobni yuklab olishlari mumkin edi. U sahifaga izoh qo'shib, yuklab olishlar sonini oshirishga qaror qildi.
To'rtta hamkasbi ijobiy izohlar yozdi, izoh dastlab sahifaning pastki qismida joylashtirilgan edi. Keyin Майкл ularnı yuqoriroq joylashtirdi, shunda ular darhol ko'rinadigan bo'ldi, bu esa konversiyani sezilarli darajada oshirdi — 64,5%!
Yana bir qiziqarli misol — XYZ premium turdagi qahva uskunalari ishlab chiqaruvchi kompaniya. Ular saytini yangilab, savdolarni oshirishni maqsad qildi. Ularning saytida oldin mijozlar qisqa izohlar qoldirishi mumkin bo'lgan bo'lsa-da, ular bu jarayonni yaxshilashga qaror qilishdi. Ular mijozlarga batafsil izohlar qoldirish, tajribalarini bo'lishish, mahsulotning afzalliklarini ko'rsatish va turli atributlarni baholash imkoniyatini taqdim etdilar.
Bu konversiyani 28% ga oshirishga yordam berdi. Mijozlar boshqalarning tajribasini batafsil o'rganib, qarorlarini yanada ishonchli qabul qilishdi.

Izohlar konversiyani oshirishga yordam beradi, lekin ularning qanday va qayerda taqdim etilishi muhimdir. Izohlar mijozlarning xavotir va shubhalarini yengib, mahsulot yoki xizmatga bo'lgan ishonchni oshiradi va boshqa foydalanuvchilardan olingan ob'ektiv ma'lumotlarni taqdim etadi, bu esa potentsial mijozlarga xarid qilish qarorini qabul qilishda yordam beradi.
3. Vizual uyg'unlik
37Signals jamoasi o'zining maqsadli sahifasining konversiyasini oshirishni xohlaganida, ular turli tajribalar o'tkazishni boshladilar, jumladan, odamlar va odamlarsiz turli fon rasmlarini sinab ko'rdilar. Natijada, kompaniya sezilarli darajada konversiyani oshira oldi. Ma'lum bo'lishicha, ko'p narsa yuz ifodasiga bog'liq ekan.
Muvaffaqiyatli sayt nafaqat ma'lumot ulashadigan, balki estetik jihatdan ham jozibali bo'lishi kerak. Gap foydalanuvchining e'tiborini ushlab turadigan jozibador vizual tajriba yaratish haqida. Bunday dizayn odamlarni xarid qilish, ro'yxatdan o'tish, obuna bo'lish va boshqa maqsadli harakatlarni amalga oshirishga undaydi.
Rasmlar yoqimli taassurot yaratishda va auditoriyani jalb qilishda hal qiluvchi rol o'ynaydi. Hatto eng kichik tafsilotlar ham konversiyaga ta'sir ko'rsatishi va foydalanuvchilarni harakatga undashi mumkin. Eng yaxshi natijalarga erishish uchun muntazam ravishda testlar o'tkazish va tahlillarini o'rganish muhimdir.

4. Harakatga chaqiruvchi tugma
Harakatga chaqiruvchi tugma (CTA) haqida faqatkina "u juda ahamiyatli" debgina qolish - bu u haqida hech narsani aytmaslik demakdir.
Xabar aniq va tushunarli bo'lishi, rang esa yetarlicha yorqin va e'tiborni jalb qiluvchi bo'lishi kerak. Eng samarali yo'l - turli ranglarni sinab ko'rish orqali kontrastli CTA yaratishdir.
Misol uchun, Argo kompaniyasi A/B-test o'tkazdi va asosiy sahifadagi CTA tugmasini kulrang va qizil ranglarga bo'ldi. Kontent, xabar va grafikalar o'zgarmadi, yagona farq tugmaning rangi edi. Natija? Qizil tugma konversiyani 50% ga oshirdi. Shuning uchun sahifalarni optimallashtirish juda muhimdir.
Bu misol, dizayndagi kichik o'zgarishlar, masalan, CTA tugmasining rangi, konversiyani sezilarli darajada oshirishga olib kelishi mumkinligini ko'rsatadi. Eng yaxshi yechimni topish uchun turli variantlarni sinab ko'rish muhimdir.

5. Mahsulotning rasm hajmi
Chex kompaniyasi Mall ikki mahsulot kartochkasini A/B-test sinovidan o'tkazdi. Dastlabki kartochkada kichik mahsulot rasmi va matnli tavsif (description) mavjud edi. Birinchi sinov versiyasida rasmni kattalashtirdilar, ikkinchi versiyada esa qo'shimcha tavsifni ko'rsatish uchun rasmga ustiga olib borilganda paydo bo'ladigan tavsif qo'shdilar.
Eng yaxshi natijani so'nggi dizayn ko'rsatdi - kompaniyaning daromadi 9,46% ga oshdi.

Foydalanuvchilar xarid qilishdan oldin mahsulotlarni diqqat bilan o'rganishni xohlaydi. Katta va aniq rasmlar konversiyani sezilarli darajada oshirishi mumkin. Shuningdek, interfeys qulay va ma'lumotli bo'lishi, harakatlar aniq tushunarli bo'lishi muhimdir.
6. Mahsulotlar ro'yxati bir xil o'lchamda bo'lishi
Mahsulot kartochkalarining o'lchamlari ham konversiya koeffitsientiga ta'sir qilishi mumkin. Blue Acorn kompaniyasi mahsulotlar ro'yxatining ikki versiyasini sinab ko'rdi: birida barcha kartochkalar bir xil o'lchamda bo'lsa, boshqasida — turlicha.
Tadqiqotda 25 000 foydalanuvchi ishtirok etdi. Bir xil o'lchamdagi kartochkalarga ega bo'lgan versiya samaraliroq bo'lib, ARPU (foydalanuvchi boshiga o'rtacha daromad) 17,1% ga oshdi.

Bir xil o'lchamdagi setka elementlari muvozanatli va tartibli ko'rinadi. Ushbu yondashuv iyerarxiyani soddalashtiradi, dizaynga struktura beradi va ma'lumotlarni tezroq qabul qilishga yordam beradi. Bundan tashqari, u dasturlash etapini va turli qurilmalarga moslashtirishni osonlashtiradi.
7. Mahsulot qayta kelganligi haqida xabarnoma
Do'kondan vaqtincha mavjud bo'lmagan mahsulotlarni olib tashlamang. "Savatchaga qo'shish" tugmasini "Kelganligi haqida xabar olish" tugmasi va email kiritish maydonchasi bilan almashtiring. Keyinchalik, mahsulot qayta mavjud bo'lganda, foydalanuvchiga mos ravishda elektron pochta orqali xabar yuboring. Bizning sinovlarimizda ushbu strategiya konversiyani 22,45% ga oshirishga yordam berdi.

Mahsulot qayta kelganligi haqidagi xabarnoma - mijozlarni jalb qilish va saqlab qolishning samarali usuli.
Xulosa
Ushbu maqolada ko'rib chiqilgan misollar dizaynning konversiyani oshirishda muhim vosita ekanligini ko'rsatadi. Har bir detal ahamiyatga ega - tugmalar joylashuvi va rang palitrasidan tortib, tasvirlar va sahifa strukturasigacha.
Yuqori natijaga erishish uchun har doim murakkab yechimlar kerak emas. Ba'zan kichik o'zgarishlar ham sezilarli darajada samaradorlikni oshirishi mumkin. Eng muhimi - natijalarni kuzatib borish, tajriba o'tkazish va auditoriya reaksiyasini tahlil qilish.
E'tiboringiz uchun rahmat!
uprock.ru saytidan tarjima qilindi va rasmlar olindi.


